23-modda. Bagajni va yuk bagajini tashish
Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida (O‘RQ-1006-son) · Sana: 27.11.2024 · Amalda
Tashuvchi yoʻlovchidan yoki joʻnatuvchidan bagajni va yuk bagajini qabul qilishi hamda mazkur operatsiyalar uchun ochiq boʻlgan har qanday temir yoʻl stansiyasigacha joʻnatishi shart.
Yoʻlovchining bagaji yoʻl hujjati (chipta) boʻyicha qabul qilinadi, joʻnatuvchining yuk bagaji esa yoʻl hujjati (chipta) taqdim etilmagan holda tashish hujjati (yuk bagaji kvitansiyasi) boʻyicha qabul qilinadi.
Yoʻlovchining (joʻnatuvchining) bagaji, yuk bagaji bagaj vagoni mavjud boʻlgan eng birinchi poyezdda joʻnatiladi. Bunda tashuvchi yoʻlovchining (joʻnatuvchining) bagaji, yuk bagaji birinchi navbatda joʻnatilishini taʼminlashi shart. Tashish hujjatlarida (yoʻl hujjatida, bagaj va yuk bagaji kvitansiyasida) koʻrsatilgan yoʻnalish boʻyicha tashilayotgan bagaj, yuk bagaji yoʻlovchi ketayotgan poyezdda yoki tarkibida bagaj vagoni mavjud boʻlgan eng birinchi poyezdda joʻnatilishi kerak.
Yoʻlovchi (joʻnatuvchi) bagajni topshirganda uning qiymatini eʼlon qilishga haqli, yuk bagajini topshirganda esa uning qiymatini eʼlon qilishi shart.
Oʻzining oʻlchamlari, qadogʻi va xususiyatlari boʻyicha bagaj vagoniga qiyinchiliklarsiz yuklanishi va joylashtirilishi mumkin boʻlgan hamda tashuvchining mol-mulkiga va boshqa yoʻlovchilarning (joʻnatuvchilarning) bagajiga, yuk bagajiga ziyon yetkaza olmaydigan shunday buyumlar va predmetlar bagajda, yuk bagajida tashishga qabul qilinadi.
