51-modda. Markaziy bankning nazorat vazifalarini bajarishga doir vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida (154-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Kuchini yo'qotgan
Markaziy bank:
bank operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va bank statistika hisobotini yuritish, yillik hisobotlar tuzish yuzasidan banklar uchun majburiy boʻlgan qoidalarni;
moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish yuzasidan mikrokredit tashkilotlari uchun majburiy boʻlgan qoidalarni;
faoliyat va operatsiyalarni amalga oshirish yuzasidan lombardlar va kredit byurolari uchun majburiy boʻlgan qoidalarni belgilaydi.
Markaziy bank:
banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolarining hisoboti va boshqa hujjatlarini olish va tekshirish, ularning faoliyati, shu jumladan operatsiyalari toʻgʻrisida axborot soʻrash hamda olish;
olingan axborot yuzasidan izoh talab qilish;
banklar va mikrokredit tashkilotlarining, ularning filiallari va ular bilan uzviy bogʻlangan shaxslarning, shuningdek lombardlar va kredit byurolarining faoliyatini tekshirish, qoidabuzarlarga nisbatan sanksiyalar qoʻllash;
banklar va kredit byurolarining ichki auditiga doir talablarni belgilash;
bank aktivlari sifatini tasnif qilish va aktivlar boʻyicha koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlar oʻrnini qoplash uchun shunga monand rezervlar yaratishga doir talablarni belgilash;
ishonchsiz aktivlarni hisobdan chiqarish shartlari va taomilini aniqlash;
banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborish;
bank aksiyadorlari ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan miqdordan ortiqroq qismini sotib olgan taqdirda ularning moliyaviy ahvoli hamda obroʻ-eʼtibori haqida axborot soʻrash va olish;
banklarning va ular filiallarining rahbarlari, boshqaruv aʼzolari hamda bosh buxgalterlariga, mikrokredit tashkilotlari va kredit byurolari ijro organlarining rahbarlariga nisbatan malaka talablarini qoʻyish huquqiga ega.
Tekshirishlar Markaziy bankning vakolatli vakillari va Markaziy bank belgilaydigan auditorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda bank aksiyalarini sotib olish uchun oldindan Markaziy bankning roziligini olish talab qilinadi. Markaziy bank aksiya sotib oluvchilarning moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi aniqlangan taqdirda bank aksiyalari xarid qilinishi va sotilishiga rozilik bermaslik huquqiga ega. Markaziy bank oʻz qarori toʻgʻrisida ariza beruvchiga iltimosnoma olingan kundan boshlab oʻttiz kundan kechiktirmay yozma ravishda xabar beradi.
