50-modda. Banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolari faoliyatini, shuningdek qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishni tartibga solish hamda nazorat qilish borasidagi vazifalar
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida (154-I-son) · Sana: 21.12.1995 · Kuchini yo'qotgan
Markaziy bank moliya-bank tizimi barqarorligini saqlab turish, omonatchilar, qarz oluvchilar va kreditorlarning manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida banklar, mikrokredit tashkilotlari lombardlar va kredit byurolari faoliyatini tartibga soladi hamda nazorat qiladi, shuningdek ular tomonidan ichki nazorat qoidalariga hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibiga rioya etilishi ustidan monitoring hamda nazorat qiladi.
Markaziy bank banklarni, kredit byurolarini roʻyxatga oladi, shuningdek bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar beradi, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, kredit byurolari faoliyatini va qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishni litsenziyalaydi.
Banklarni, kredit byurolarini roʻyxatga olish, banklarga, mikrokredit tashkilotlari va lombardlarga litsenziyalar berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda haq evaziga amalga oshiriladi. Qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishga litsenziya berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda haq evaziga amalga oshiriladi. Berilgan litsenziyalar toʻgʻrisidagi axborot eʼlon qilinishi, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishi kerak hamda tanishib chiqish uchun ochiqdir.
Markaziy bank Banklarni davlat roʻyxatiga olish daftari, banklar, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, kredit byurolariga hamda qimmatli qogʻozlar blankalari ishlab chiqarishga berilgan litsenziyalar reyestrini yuritadi.
