24-modda. Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlarning Ombudsmanga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Jazoni ijro etish muassasalarining har bir turar joy sektorida, sanoat zonalarida, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarni oʻtkazish uchun moʻljallangan binolarda mahkumlar murojaatlarni qoldirishi uchun qulay boʻlgan joyda Ombudsmanga murojaatlar qutisi (bundan buyon matnda Ombudsman qutisi deb yuritiladi) oʻrnatiladi.
Ombudsman qutisi faqat Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari tomonidan bir oyda kamida bir marta ochiladi.
Ombudsman yoki uning Devoni xodimlari Ombudsman qutisiga kelib tushgan murojaatlarni qabul qilish uchun jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga haqli.
Ombudsman qutisini oʻrnatish, undan foydalanish va u orqali murojaatlar yuborish tartibi Ombudsman va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
