23-modda. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning Ombudsmanga murojaat etishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar ogʻzaki, yozma yoki elektron shakldagi murojaatlarni ularning soni cheklanmagan holda Ombudsman nomiga yuborish huquqiga ega.
Ombudsman nomiga yuboriladigan murojaatlar senzuradan oʻtkazilmaydi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning maʼmuriyati mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlarini Ombudsmanga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa jazoni ijro etish muassasalari darhol yuboradi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarning murojaatlariga Ombudsmanning yuborilgan javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va murojaat etuvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.
Ombudsman, uning oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari murojaatlar koʻrib chiqilayotganda, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi hollari Ombudsman tashabbusi bilan oʻrganilayotganda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga moneliksiz kirish huquqiga ega. Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning maʼmuriyati Ombudsmanning, uning oʻrinbosarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillarining xavfsizligini taʼminlashi shart.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarning maʼmuriyati Ombudsmanga, uning oʻrinbosariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillariga mazkur joylarda saqlanayotgan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbatlar ushbu muassasalar xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi.
Ombudsman Devonining xodimlari harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga Ombudsman tomonidan beriladigan maxsus yoʻllanma bilan moneliksiz kirishi mumkin.
