21-modda. Ombudsmanga beriladigan shikoyatlarga qoʻyiladigan talablar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsmanga berilgan shikoyatda murojaat etuvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shikoyat yuridik shaxs tomonidan berilgan taqdirda esa uning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Shikoyatda qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotning nomi, mansabdor shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatiladi, murojaat etuvchining fikricha, uning huquqlarini buzgan qarorlarning, harakatlarning yoki harakatsizlikning mohiyati bayon etiladi.
Shikoyatlar davlat tilida yoki boshqa tillarda berilishi mumkin.
Yozma shikoyat murojaat etuvchining imzosi yoki yuridik shaxs vakolatli vakilining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Yozma shikoyatni murojaat etuvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, shikoyat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.
Elektron shaklda berilgan shikoyat qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning manfaatlarini koʻzlab shikoyatlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda ularning qonuniy vakillari tomonidan berilishi mumkin.
Ombudsman inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi toʻgʻrisida axborot mavjud boʻlganda yoki himoyaning huquqiy vositalaridan mustaqil ravishda foydalanishga layoqatsiz shaxslarni himoya qilish uchun oʻz tashabbusi bilan faktlar tekshiruvini oʻtkazishga haqlidir.
Shikoyat boʻyicha ilgari qabul qilingan mavjud qarorlar yoki ularning koʻchirma nusxalari, shuningdek shikoyatni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlar shikoyatga ilova qilinishi mumkin, mazkur hujjatlar qaytarilmaydi, bundan murojaat etuvchi ularni qaytarish haqida yozma ariza bergan hollar mustasno.
Murojaat etuvchilar va ularning vakillari shikoyatni u koʻrib chiqilguniga qadar va koʻrib chiqilayotgan paytda shikoyat yuzasidan qaror qabul qilinguniga qadar yozma yoki elektron shaklda ariza berish yoʻli bilan chaqirib olishi mumkin. Shikoyatni chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha Ombudsman tomonidan choralar koʻrilishini istisno etmaydi.
