19-modda. Ombudsman tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida (O‘RQ-1002-son) · Sana: 15.11.2024 · Amalda
Ombudsman arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi. Ombudsman shikoyatlarni ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, arizalar hamda takliflarni “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.
Ombudsman Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlarning yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqadi hamda oʻz tekshiruvini oʻtkazish huquqiga ega.
Ombudsman uchinchi shaxslarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan bir shaxsning yoki bir guruh shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan bergan shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun, basharti ularning bunga roziligi boʻlsa, qabul qiladi.
Shikoyatlar ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda berilishi mumkin.
Ombudsman qabul jadvallariga muvofiq jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining shaxsiy qabulini, shuningdek jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullarini tashkil etadi.
Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish jadvallari, qabulni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish toʻgʻrisidagi axborot, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi Ombudsmanning rasmiy veb-saytida eʼlon qilish, shuningdek uning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.
Ombudsman sudning vakolatlari doirasiga kiradigan masalalarni, shuningdek jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxslar tomonidan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlariga (harakatsizligiga) doir murojaatlarini koʻrib chiqmaydi.
Anonim murojaatlar Ombudsman tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
