30-modda. Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarni himoya qilish rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolani yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolani himoya qilish rejasi (bundan buyon matnda himoya qilish rejasi deb yuritiladi) ushbu Qonunning 23-moddasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni, shuningdek ularning hajmini, davriyligini, tegishli yordam va xizmatlar koʻrsatish shartlari hamda muddatlarini, chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan shaxslarni, zarur maqsadli koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi.
Himoya qilish rejasini ishlab chiqishda zoʻravonlikdan jabrlangan bolaning yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolaning hamda ular qonuniy vakillarining ishtiroki taʼminlanadi, bundan bolaning hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan qonuniy vakillar mustasno.
Himoya qilish rejasini tuzish va amalga oshirish uchun bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining va tashkilotlarning tegishli mutaxassislari jalb etiladi.
