31-modda. Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarni himoya qilish rejasining monitoringi
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Himoya qilish rejasining monitoringi bolalarga nisbatan zoʻravonlikning oldini olish boʻyicha alohida chora-tadbirlar samaradorligini aniqlash, himoya qilish rejasini qayta koʻrib chiqish yoki uning amal qilishini tugatish maqsadida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Himoya qilish rejasini qayta koʻrib chiqish zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning hayotiy vaziyati oʻzgarishi munosabati bilan amalga oshiriladi.
Himoya qilish rejasining amal qilishini tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
zoʻravonlik oqibatlari yoki zoʻravonlik sodir etilishi tahdidi bartaraf etilganligi;
bolaning oʻn sakkiz yoshga toʻlganligi;
bolaning vafot etganligi.
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarni yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarni himoya qilish rejasini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
