29-modda. Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning hayotiy vaziyatini baholash
Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-996-son) · Sana: 14.11.2024 · Amalda
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning hayotiy vaziyatini baholash vakolatli davlat organi tomonidan ichki ishlar organlari hamda zaruriyatga koʻra bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar jalb etilgan holda amalga oshiriladi.
Vakolatli davlat organi bolaga nisbatan zoʻravonlik sodir etilganligi fakti toʻgʻrisidagi axborotni olgan paytdan eʼtiboran zoʻravonlikdan jabrlangan bolaning, shuningdek oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolaning hayotiy vaziyatini zudlik bilan dastlabki baholashdan oʻtkazadi.
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolaning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolaning hayotiy vaziyatini dastlabki baholash natijalariga koʻra vakolatli davlat organi bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid soluvchi omillarni zudlik bilan bartaraf etish choralarini koʻradi yoxud bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid soluvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishga vakolatli boʻlgan tegishli davlat organlariga yoki mansabdor shaxslarga murojaat qiladi.
Bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid soluvchi omillar bartaraf etilganidan keyin, shuningdek, agar dastlabki ekspertiza natijalariga koʻra, zoʻravonlik fakti bolaning hayotiga yoki sogʻligʻiga bevosita tahdid solmaydi degan xulosaga kelinsa, vakolatli davlat organi zoʻravonlikdan jabrlangan bolaning yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolaning hayotiy vaziyatini oʻn toʻrt kalendar kun ichida kompleks baholashdan oʻtkazadi. Kompleks baholashga bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlarining va tashkilotlarning tegishli mutaxassislari jalb etiladi.
Kompleks baholash natijalariga koʻra vakolatli davlat organi zoʻravonlikdan jabrlangan bolani yoki oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolani himoya qilish rejasini ishlab chiqadi.
Zoʻravonlikdan jabrlangan bolalarning va oʻziga nisbatan zoʻravonlik sodir etilishi xavfi ostida boʻlgan bolalarning hayotiy vaziyatini baholash tartibi va mezonlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
