96-modda. Yer qaʼrining chegaraoldi uchastkalarida uglevodorodlarni qazib olish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni amalga oshirish natijasida yer qaʼrining chegaraoldi uchastkasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan va chegaradosh davlat hududiga qadar yastangan uglevodorodlar qatlamlarini (qatlamlari majmuini) topgan taqdirda, u Yer qaʼridan foydalanish markazini va Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligini bu haqda zudlik bilan yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi shart.
Topilgan uglevodorodlar qatlamining (qatlamlari majmuining) bir qismi qaysi davlatning yer qaʼrida joylashgan boʻlsa, oʻsha davlat bilan Oʻzbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalari mavjud boʻlmagan taqdirda, Yer qaʼridan foydalanish markazi bunday davlat bilan kelishuvga erishilguniga qadar yer qaʼrining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olishga doir ishlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Yer qaʼridan foydalanish markazi yer qaʼrining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida bu haqda yer qaʼridan foydalanuvchini yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi hamda oʻttiz kalendar kuni ichida Oʻzbekiston Respublikasi va qoʻshni davlat oʻrtasida yer qaʼrining chegaraoldi uchastkasida joylashgan uglevodorodlar konini oʻzlashtirish tartibi va shartlarini tartibga soladigan xalqaro shartnomani ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi.
Yer qaʼrining chegaraoldi uchastkasida uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan qaror qabul qilingan taqdirda, uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ishlarni qayta tiklash uchun ruxsatnoma berilguniga qadar toʻxtatib turilgan deb hisoblanadi.
