95-modda. Uglevodorodlarni qazib olishni birgalikda amalga oshirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Agar tijoratbop topilmani oʻz ichiga olgan biror bir uglevodorodlar koni qisman uglevodorodlarni qazib olishga doir bitta ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasi doirasida va qisman uglevodorodlarni qazib olishga doir boshqa ruxsatnomaga taalluqli oʻzga yer qaʼri uchastkasi doirasida joylashgan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi bunday yer qaʼridan foydalanuvchilarga uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha birgalikdagi ishlarni amalga oshirish maqsadida birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisida oʻzaro shartnoma tuzish zarurati toʻgʻrisida yozma shaklda soʻrov yuborishi mumkin.
Yer qaʼri uchastkasini birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalarda koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkalariga tegishli konni oʻzlashtirishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarini yaxshilash va uglevodorodlarning yanada samaraliroq hamda maqbullashtirilgan holda qazib olinishini taʼminlash maqsadida yaxlit yer qaʼri uchastkasi sifatida qaraladi.
Agar yer qaʼridan foydalanuvchilar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan yozma xabar olingan paytdan eʼtiboran oʻn sakkiz oy ichida birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi shartnoma shartlarini kelishib olmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi kelishuv shartlari xususida qaror qabul qilishi mumkin.
Koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan masalalar qatorini cheklamagan holda birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi shartnomada:
1) konni birgalikda oʻzlashtirish boʻyicha ishlar amalga oshiriladigan yer qaʼri uchastkasi belgilanadi;
2) birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi shartnoma doirasida har bir yer qaʼridan foydalanuvchining ishtirok etish ulushi koʻrsatiladi;
3) yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻrtasida birgalikda foydalaniladigan ishlab chiqarish obyektlari, infratuzilma obyektlari va yordamchi tizimlar, shu jumladan elektr energiyasi, asbob-uskunalar hamda materiallar sanab oʻtiladi;
4) birgalikda oʻzlashtirish va qazib olish bilan bogʻliq neft-gaz operatsiyalarining turlari, shu jumladan tegishli ishlar dasturlari va budjetlar nazarda tutiladi;
5) qarorlar qabul qilish jarayoni yozib qoʻyiladi;
6) uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha joriy birgalikdagi ishlarga rahbarlik qiladigan operatorni tayinlash tartib-taomili nazarda tutiladi hamda uning isteʼfoga chiqishi va almashtirilishi tartibi belgilanadi;
