94-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati davomida yer qaʼridan foydalanuvchi:
1) ruxsatnoma berilgan sanadan eʼtiboran olti oy ichida uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni boshlashi;
2) barcha turdagi neft-gaz operatsiyalarining, shu jumladan qazib olish texnologiyasining barcha qoʻllaniladigan standartlar va normalarga, usullar hamda texnologiyalarga, shuningdek tegishli neft-gaz amaliyotiga muvofiq boʻlishini taʼminlashi;
3) neft-gaz operatsiyalarining uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi tasdiqlangan loyihasiga jiddiy muvofiq boʻlishini taʼminlashi;
4) uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning amaldagi loyihasi oʻzgartirilgan taqdirda Yer qaʼridan foydalanish markaziga uglevodorodlar konini oʻzlashtirishning yangilangan loyihasini taqdim etishi;
5) uglevodorodlarni qazib olishga doir butun faoliyatni va yer qaʼri uchastkasidan qandaydir boshqacha tarzda qonuniy ravishda foydalanishni ijtimoiy yoki xususiy manfaatlarning oqilona vositalar bilan oldini olish mumkin boʻlgan buzilishiga olib kelmasligini taʼminlash maqsadida uglevodorodlar qazib olinishini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar orqali cheklashi;
6) uglevodorodlarning mumkin qadar koʻproq chiqarib olinishini taʼminlash maqsadida uglevodorodlar qatlamining mahsuldorligi va uglevodorod konining oʻzlashtirilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishi;
7) yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatga nisbatan amaldagi qonunchilikda belgilangan barcha talablarga tizimli va doimiy ravishda rioya etilishini taʼminlash uchun moʻljallangan tegishli boshqaruv tizimini yaratishi, joriy etishi hamda muntazam yangilab turishi va ularning ijrosi ustidan nazoratni taʼminlashi;
8) ushbu Qonunning 92-moddasida nazarda tutilgan uglevodorodlarni qazib olishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni amalga oshirishi;
9) neft-gaz operatsiyalarining barcha turlari uchun sugʻurta polislarini olishi hamda amalga oshirilayotgan neft-gaz operatsiyalarining xususiyatini va turlarini hisobga olgan holda doimiy asosda yangilab turishi hamda limitlarning, chegirib tashlanadigan franshizlarning va tegishli sugʻurta qoplamasi boshqa shartlarining odatda mazkur neft-gaz sohasida qoʻllaniladigan amaliyotga muvofiq boʻlishini taʼminlashi;
10) amaldagi qonunchilikka hamda tegishli neft-gaz amaliyotiga va tegishli asbob-uskunaning ishlab chiqaruvchisi tomonidan taqdim etilgan yoʻriqnomalarga muvofiq qayta ishlash, tijorat maqsadida hisobga olish va soliq solish maqsadlari uchun uglevodorodlarning aniq hisobini, oʻlchovini yuritishi va sinovlarini oʻtkazishi;
