93-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilarning huquqlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma yer qaʼridan foydalanuvchiga ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasidan chiqarib olinadigan har qanday turdagi uglevodorodlarni qazib olish va qayta ishlash uchun mutlaq huquq beradi.
Uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlar uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma shartlariga va neft-gaz konini oʻzlashtirishning tasdiqlangan loyihasi qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma yer qaʼridan foydalanuvchiga kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi va ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasi doirasida quyidagi huquqlarni beradi:
1) ruxsatnomaga kiritilgan yer qaʼri uchastkasini tijoratbop topilmadan foydalanish sifatini, miqyosini va darajasini aniq baholash uchun qoʻshimcha ravishda geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshirish;
2) qonunchilikka muvofiq uglevodorodlarni tajriba-sanoat usulida qazib olishni amalga oshirish;
3) uglevodorodlar zaxiralarini qaytadan baholash boʻyicha qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish;
4) uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni amalga oshirish;
5) ruxsatnomada koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkasida har qanday turdagi uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirish;
6) uglevodorodlarning qazib olingan hajmlarini tovar mahsulotlari etib va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsuloti etib qayta ishlash;
7) qazib olingan uglevodorodlarni transportda tashish, saqlash va realizatsiya qilish;
8) basharti tegishli ruxsatnomalar, kelishuvlar va maʼqullashlar olingan boʻlsa, uglevodorodlarni qazib olish ishlari, ularni qayta ishlash, transportda tashish boʻyicha infratuzilma obyektlarini hamda ular bilan bogʻliq boshqa obyektlarni joylashtirish, shu jumladan:
a) uglevodorodlarni qazib olish ishlarini oʻtkazish uchun ruxsatnomada koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkasida infratuzilma obyektlarini qurishni, montaj qilishni, joylashtirishni yoki koʻchirishni va ulardan foydalanishni amalga oshirish;
b) xodimlar uchun uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni samarali oʻtkazish uchun zarur boʻlgan vaqtinchalik yoki doimiy inshootlarni va jihozlarni qurishni yoki oʻrnatishni amalga oshirish;
v) biror-bir infratuzilma obyektlarini, shu jumladan qazib olinayotgan uglevodorodlarni, neft mahsulotlarini, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlarini va boshqa mahsulotlarni yuklash, transportda tashish, tushirish, saqlash (doimiy asosda va boshqacha tarzda) hamda qayta ishlash boʻyicha infratuzilma obyektlarini qurishni, montaj qilishni, joylashtirishni va ulardan foydalanishni, basharti bunday faoliyat uglevodorodlarni qazib olish ishlari bilan bevosita bogʻliq boʻlsa, amalga oshirish;
