88-modda. Neft-gaz infratuzilmasi obyektlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligini yozma shaklda xabardor qiladi va vazirlikning quyidagilarga doir dastlabki maʼqullashini oladi:
1) neft-gaz infratuzilmasi obyektini yoki uning bir qismini oʻrnatishga;
2) neft-gaz infratuzilmasi obyektini dastlabki tarzda foydalanishga topshirish muddatiga;
3) neft-gaz infratuzilmasi obyektining har qanday yirik rekonstruksiyasiga yoki modifikatsiyasiga va obyekt rekonstruksiya yoki modifikatsiyadan keyin oʻz ishini qaytadan boshlaydigan muddatlarga;
4) neft-gaz konini oʻzlashtirish rejasiga muvofiq dastlab neft-gaz infratuzilmasi obyekti qaysi maqsadda tasdiqlangan boʻlsa, oʻsha maqsadning har qanday oʻzgartirilishiga;
5) belgilangan obyektdan u konni oʻzlashtirish loyihasida dastlab nazarda tutilgan muddatdan ortiqcha foydalanilishiga va belgilangan muddat oʻtganidan keyin uning samarali ishlashini taʼminlash uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlarga;
6) yer qaʼridan foydalanuvchining neft-gaz infratuzilmasi obyektidan foydalanishni tugatish, uni utilizatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisidagi qaroriga.
Ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma olgan yer qaʼridan foydalanuvchilarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
