87-modda. Uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha ishlarni amalga oshirishga doir talablar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olish boʻyicha biror-bir faoliyat boshlanguniga qadar barcha talab qilinadigan ekologik ekspertizalarni oʻtkazadi va xavfsizlik texnikasi sohasidagi barcha zarur boʻlgan ruxsatnomalarni, shu jumladan davlat ekologik ekspertizasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasini oladi. Bunday maʼqullashlar olingan paytdan eʼtiboran besh kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni qazib olish:
1) uglevodorodlarning har bir alohida konida yoki bir nechta konda uglevodorodlar zaxiralarining eng koʻp hajmi qazib olinishi taʼminlanadigan tarzda;
2) ilgʻor qulay texnologiyalardan foydalangan holda va oqilona iqtisodiy prinsiplarga muvofiq;
3) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va lozim darajadagi neft-gaz amaliyotiga muvofiq amalga oshiriladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarni qazib olishni amalga oshirish chogʻida quyidagilarni taʼminlashi shart:
1) qazib olishning qoʻllaniladigan texnik vositalarining maqbulligi va xavfsizligini;
2) uglevodorodlarni qazib olishda murakkablikka, uglevodorodlarni qazib olishning iqtisodiy samaradorligi pasayishiga olib keladigan xavfli texnogen jarayonlar koʻrinishlaridan uglevodorodlar konining muhofaza qilinishini;
3) qazib olingan, shu jumladan neft-gaz operatsiyalari jarayonida yoʻqotilgan yoki foydalanilgan va yer qaʼrida qolgan uglevodorodlar zaxiralarining, ularni qayta ishlash mahsulotlarining va qazib olish jarayonida hosil boʻlgan ishlab chiqarish chiqindilarining toʻgʻri hisobga olinishini;
4) uglevodorodlarni qazib olish chiqindilarini va qayta ishlash mahsulotlarini omborlarga joylashda hamda joylashtirishda ularning suv olish inshootlari maydonlarida va uglevodorodlar yigʻiladigan joylarda toʻplanib qolishining oldini olish maqsadida ekologik hamda sanitariya-epidemiologik talablarga rioya etilishini;
5) qazib olishning qoʻllaniladigan usullari hamda vositalarining normalariga va standartlariga rioya etilishini;
6) konni oʻzlashtirish loyihasida nazarda tutilgan tartibda uglevodorodlar ajratib olinishini.
Uglevodorodlar konini oʻzlashtirish chogʻida yer qaʼridan foydalanuvchi butun neft-gaz koni boʻyicha, shuningdek uglevodorodlarning har bir alohida qatlami boʻyicha qazib olishni, quduqlarning texnologik ishlash rejimini (bosimni, oqim rejimini, qazib olinayotgan yoki har bir quduqqa nasos bilan haydalayotgan uglevodorodlar va boshqa flyuidlar miqdorini), shu jumladan komponentlar tarkibini va qazib olingan uglevodorodlar miqdorini muntazam nazorat qilishi shart. Yer qaʼridan foydalanuvchi har bir alohida quduq boʻyicha qazib olinayotgan va nasos bilan haydalayotgan uglevodorodlarning umumiy har oylik miqdori hisobini yuritadi.
