83-modda. Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berishning qoʻshimcha usullari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi auksion yoki tender yoʻli bilan tanlov savdolarini oʻtkazish zarurligini belgilagan hollarda auksion yoki tender oʻtkazish yoʻli bilan berilishi mumkin. Bu quyidagi hollar boʻlishi mumkin:
1) uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzi qidiruv oʻtkazgan yer qaʼri uchastkasida uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid oʻz huquqidan voz kechganda;
2) Yer qaʼridan foydalanish markazi auksion yoki tender oʻtkazish yoʻli bilan ochiq kvadratlarda uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish zaruriyatini aniqlaganda.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnomalar milliy rivojlanish bilan bogʻliq alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin.
Bunday hollarda uglevodorodlar konini oʻzlashtirish uchun zarur boʻlgan kadastr kvadratlari Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan auksion yoki tender uchun zaxira qilib qoʻyiladi.
Uglevodorodlarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar chetdan turib aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq savdolar oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Uglevodorodni qazib olishga doir ruxsatnoma berish uchun tender Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan tartibga muvofiq oʻtkaziladi.
Tender jarayonining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqishda vazirliklar, idoralar va xoʻjalik boshqaruvi organlarining samarali hamkorligini tashkil etish;
2) yer qaʼri uchastkalarini berish boʻyicha tenderning mavjud geologik maʼlumotlar, geologik jihatdan oʻrganish toʻgʻrisidagi hisobotlar va boshqa tegishli axborot asosida ishlab chiqilgan boshlangʻich shartlarini kelishib olish;
3) neft va gaz konlarini oʻzlashtirish bilan bogʻliq taqdim etilgan loyihalarning ekspertizasini hamda ularning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashni tashkil etish;
