81-modda. Uglevodorodlarning topilmalari toʻgʻrisida xabardor qilish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarning har qanday topilmasi haqida Yer qaʼridan foydalanish markazini yigirma toʻrt soat ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlar topilishiga olib kelgan geologik jihatdan oʻrganishga doir ishlar natijasida olingan jami axborotni bunday xabarnoma taqdim etilganidan keyin oʻttiz kundan kechiktirmay Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etadi hamda Yer qaʼridan foydalanish markaziga bunday uglevodorodlarning topilmasini baholashdan oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisida xabar qiladi.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarning topilmasini baholashdan oʻtkazishga arziydi deb hisoblasa, yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq xabarnoma yuborilgan sanadan keyin toʻqson kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga baholash ishlarining taxmin qilinayotgan rejasini tasdiqlash uchun taqdim etadi. Baholash ishlarining rejasi uglevodorodlar topilmasi alohida yoki yer qaʼri uchastkasining istalgan qismida aniqlangan boshqa uglevodorodlar topilmalari bilan birga tijoratbop topilma ekanligini yoki tijoratbop emasligini aniqlash uchun bajarilishi zarur boʻlgan ishlarning tavsifini oʻz ichiga olishi kerak.
Yer qaʼridan foydalanuvchi uglevodorodlarni baholash boʻyicha faoliyatni amalga oshirishi mumkin boʻlgan muddat yer qaʼridan foydalanuvchi taqdim etgan baholash ishlarining rejasi Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlangan sanadan eʼtiboran ikki yildan oshmasligi kerak. Agar yer qaʼridan foydalanuvchi baholash ishlari tasdiqlangan baholash ishlarining rejasiga muvofiq amalga oshirilganligini hamda uglevodorodlar topilmasi tijoratbop topilma ekanligini yoki tijoratbop emasligini aniqlash uchun kelgusida baholash ishlarini oʻtkazish zarurligini Yer qaʼridan foydalanish markaziga lozim darajada namoyish etsa, Yer qaʼridan foydalanish markazi mazkur ikki yillik muddatni uzaytirishga haqli.
Baholash ishlarining rejasi har yili yangilanadi va barcha oʻzgartirishlar Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi topilma tijoratbop ekanligi yoki tijoratbop emasligi koʻrsatiladigan qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan shakldagi hisobotni Yer qaʼridan foydalanish markaziga tasdiqlangan baholash ishlarining rejasini amalga oshirish tugallanganidan keyin bir yuz sakson kundan kechiktirmay taqdim etadi. Mazkur hisobot Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.
