80-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma doirasida hisobdorlik
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi yigirma toʻrt soatdan oshmaydigan, agar hisobot quduq boʻyicha birinchi hisobot boʻlmasa, bevosita burgʻilash ishlari toʻgʻrisidagi avvalgi har kungi hisobotda koʻrsatilgan davr tugashi bilan hisoblanadigan davrga taalluqli boʻlgan uglevodorodlar boʻyicha biror-bir burgʻilash ishlari bajarilishining borishi haqidagi har kungi hisobotlarni Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart. Burgʻilash ishlari toʻgʻrisidagi har bir hisobot qaysi kunga tegishli boʻlsa, oʻsha kun tugaganidan keyin besh kun ichida taqdim etiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi har oylik hisobotlarni Yer qaʼridan foydalanish markaziga har bir oy tugaganidan keyin oʻn besh kun ichida taqdim etishi shart.
Har bir oylik hisobot oʻtgan oyda ishlarning turlariga koʻra, shu jumladan geologik va geofizik tadqiqotlar, boshlangʻich maʼlumotlarni sharhlash, ularga ishlov berish, qoʻshimcha ravishda sharhlash, burgʻilash, qurilish turlariga hamda ular bilan bogʻliq biror-bir boshqa ishlarga boʻlingan holda amalga oshirilgan ishlarning batafsil tavsifini va baholanishini oʻz ichiga oladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi har bir chorak tugagan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga ishlar bajarilishining borishi toʻgʻrisida quyidagi choraklik hisobotlarni taqdim etadi:
1) oʻtkazilgan geologik va geofizik tadqiqotlarning tavsifi keltirilgan geologik jihatdan oʻrganish toʻgʻrisidagi hisobotni;
2) quduq qurilishining borishi haqidagi hisobotni — agar yer qaʼridan foydalanuvchi qidiruv qudugʻining qurilishini amalga oshirayotgan boʻlsa;
3) obyektning qurilishi toʻgʻrisidagi hisobotni — yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan neft-gaz infratuzilmasining biror-bir obyekti qurilgan taqdirda.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi geologik jihatdan oʻrganishga doir ishlar boshlangan sanadan eʼtiboran bir yil toʻlganda tugaydigan har bir oʻn ikki oylik davrdan keyin oʻttiz kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga tegishli oʻn ikki oylik davr uchun yillik hisobotni taqdim etadi.
