77-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir har yilgi eng kam xarajatlar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchilar ushbu moddada belgilangan har yilgi eng kam xarajatlarga oid talablarga rioya etishi shart.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi uchun har yilgi eng kam xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga va geologik jihatdan oʻrganishga doir har yilgi eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan hamda hisobot yilining 1-yanvarida amal qiladigan bazaviy hisoblash miqdori asosida amalga oshiriladi.
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma amal qiladigan muddatning birinchi yoki oxirgi yili toʻliq boʻlmasa, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning tegishli yildagi amal qilish muddatining har bir toʻliq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaning amal qilishi bir yil ichida tugatilgan taqdirda, har yilgi eng kam xarajatlar ruxsatnomaning mazkur yildagi har bir toʻliq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan qilingan, har yilgi eng kam xarajatlarga kiritilmaydigan maqbul xarajatlar va boshqa xarajatlar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir eng kam xarajatlarni hisob-kitob qilish faqat tegishli ruxsatnoma doirasida qilingan xarajatlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Ushbu moddada nazarda tutilgan har yilgi eng kam xarajatlar boʻyicha majburiyatlar buzilgan taqdirda, yer qaʼridan foydalanuvchi yetishmayotgan xarajatlarni amalga oshirishi va bu haqda Yer qaʼridan foydalanish markaziga hisobot yilidan keyingi ikki oydan kechiktirmay hisobot taqdim etishi shart. Bunda oʻz majburiyatlari buzilishini bartaraf etish uchun yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan qilingan xarajatlar joriy yil xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi va hisobot yili uchun hisobotda aks ettirilgan deb hisoblanadi.
