76-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish chogʻida uglevodorodlarni burgʻilash ishlarini amalga oshirishga doir talablar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Agar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan ishlar uglevodorodlar kelgusida topilishiga ishora bersa, yer qaʼridan foydalanuvchi barcha geologik-texnik tavsiyalarni tayyorlaydi va tegishli vakolatli organlar bilan kelishadi hamda burgʻilash ishlarining rejasini Yer qaʼridan foydalanish markaziga maʼlumot uchun taqdim etadi. Burgʻilash ishlarining rejasiga doir geologik-texnik hujjatlarning mazmuni va shakli qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Quduqlarni boshqarish, shu jumladan quduqlarni nazorat qilish va tashlandiq chiqitlarning oldini olish, uglevodorodlarni burgʻilash ishlarida foydalaniladigan asbob-uskunalarni koʻzdan kechirish va sinash, burgʻilash ustunida tushirilgan qatlamni sinovchi yordamida quduqning sinovlarini yoki tekshiruvlarini oʻtkazish, quduqlarni tugatish va toʻxtatib turish, burgʻilash qurilmalarini demontaj qilish hamda uglevodorodlarni burgʻilash ishlarini toʻxtatib turish tizimlari uchun tartib-taomillar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
