71-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berishning qoʻshimcha usullari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi auksion yoki tender orqali tanlovga oid kimoshdi savdolarini oʻtkazish zarurligini belgilagan hollarda uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomalar auksion yoki tender oʻtkazish yoʻli bilan berilishi mumkin.
Alohida hollarda uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga muvofiq berilishi mumkin. Bunday hollarda auksion yoki tender uchun qulay boʻlgan kadastr kvadratlari Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan zaxira qilib qoʻyiladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish uchun auksionlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, chetdan aralashuvni istisno etadigan elektron savdo maydonchasida kimoshdi savdolarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish uchun tender Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomalar berish toʻgʻrisidagi nizomda nazarda tutilgan tartibga muvofiq oʻtkaziladi.
Tender jarayonining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
1) yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va xoʻjalik boshqaruvi organlarining samarali hamkorligini tashkil etish;
2) mavjud boʻlgan geologik maʼlumotlar, geologik jihatdan oʻrganish toʻgʻrisidagi hisobotlar va boshqa tegishli axborot asosida ishlab chiqilgan yer qaʼri uchastkalarini berish boʻyicha tenderning boshlangʻich shartlarini kelishish;
3) taqdim etilgan geologik jihatdan oʻrganish loyihalarining ekspertizasini va ularning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning belgilangan shartlariga muvofiqligini baholashni tashkil etish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maqbul boʻlgan tanlovga oid arizani tasdiqlash uchun taqdim etish.
Auksion yoki tender ishtirokchilari auksionda yoki tenderda ishtirok etish huquqini olish uchun ushbu Qonunning 70-moddasida nazarda tutilgan axborotni taqdim etishi kerak, tanlov ishtirokchisi esa geologik jihatdan oʻrganishning dastlabki loyihasi oʻrniga uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishning taxminiy rejasini taqdim etishi mumkin.
