72-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Berilgan arizani koʻrib chiqish muddati ushbu Qonunning 70-moddasiga muvofiq toʻldirilgan ariza olingan sanadan eʼtiboran yigirma ish kunidan oshmasligi kerak. Yer qaʼridan foydalanish markazi berilgan arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan muddat oʻtganidan yoki auksion jarayoni tugaganidan keyin uch ish kuni ichida, qoʻllaniladigan holatga qarab, uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomani tegishli tarzda toʻldirilgan arizani tegishincha birinchi boʻlib bergan vakolatli shaxsga yoxud auksion yoki tender gʻolibiga beradi.
Yer qaʼridan foydalanish markazining uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berilishini rad etishi asoslangan boʻlishi hamda ushbu Qonun va qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berilayotganda yer qaʼri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
