70-modda. Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi ariza
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Istalgan vakolatli shaxs koʻpi bilan 5 250 ta bir-biriga bogʻliq ochiq kadastr kvadratlariga nisbatan “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga koʻra uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani Yer qaʼridan foydalanish markaziga berishga haqli.
Arizalar Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Manfaatdor shaxs “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga koʻra geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma berish uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan arizani beradi:
1) arizachining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq toʻliq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborot;
3) soʻralayotgan ochiq kadastr kvadratlari tafsilotlari;
4) arizachi bunday ruxsatnoma berilayotganda oʻzida boʻlishi mumkin boʻlgan kadastr kvadratlarining umumiy soni boʻyicha cheklovlarni buzmayotganligini tasdiqlovchi hujjat;
5) taklif etilayotgan ishlarning xususiyati va turi hamda rejalashtirilayotgan eng kam xarajatlarning dastlabki summasi batafsil tavsiflangan uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish ishlarining dastlabki loyihasi;
6) ishlarning dastlabki loyihasiga binoan uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir taklif etilayotgan ishlarni amalga oshirishda arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlari hamda qobiliyatlarini tasdiqlovchi dalillar, shu jumladan yer qaʼridan foydalanuvchi oxirgi besh yil ichida bunday faoliyatni amalga oshirgan mamlakatlar roʻyxati;
7) ekologik ekspertiza oʻtkazilguniga va davlat ekologik ekspertizasining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining ijobiy xulosasi olinguniga qadar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir biror-bir ishlarni boshlamaslik toʻgʻrisidagi majburiyat koʻrsatilgan xat;
8) qonunchilik talablariga muvofiq boshqa axborot;
9) arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ishlarning dastlabki rejasida taklif etilayotgan geologik tadqiqotlarning xususiyati va hajmi, ularni amalga oshirish chogʻida foydalaniladigan usullar va asbob-uskunalar toʻgʻrisidagi batafsil axborot, shuningdek taklif etilayotgan ishlar jadvali hamda arizachi sarflashni rejalashtirayotgan xarajatlarning eng kam summalari boʻlishi kerak.
