63-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma olishga oid ariza
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Har qanday vakolatli shaxs “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipiga koʻra uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilishi uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga murojaat qilishi mumkin. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga kiritilgan taxmin qilinayotgan yer uchastkasining oʻlchami 10 500 kadastr kvadratlaridan oshmasligi kerak.
Arizalar qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa davlat organlari bilan kelishilgan va muvofiqlashtirilgan taqdirda Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
1) arizachining davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq toʻliq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi axborot;
3) soʻralayotgan kadastr kvadratlarining tafsilotlari, shu jumladan ularning joylashgan joyi va koordinatalari koʻrsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) rekognossirovka qilish ishlarining loyihasi;
5) arizachining uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirish uchun nazarda tutilgan ishlar bilan taqqoslanishi mumkin boʻlgan uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari boʻyicha oldingi tajribasini tasdiqlovchi hujjatlar, shu jumladan arizachi oxirgi besh yilda uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlarini amalga oshirgan mamlakatlar roʻyxati;
6) arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik salohiyati hamda imkoniyatlari tasdigʻi;
7) davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi;
8) qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq zarur boʻlgan har qanday boshqa axborot, shuningdek arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Ariza kelib tushganda Yer qaʼridan foydalanish markazi uni yer qaʼri davlat fondi kadastrining arizalar reyestrida roʻyxatga oladi va arizachini ariza berilganligi toʻgʻrisida xabardor qiladi.
