64-modda. Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi berilgan arizani koʻrib chiqish muddati toʻldirilgan ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma ish kunidan oshmasligi kerak. Berilgan arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan muddat oʻtganidan keyin uch ish kuni ichida Yer qaʼridan foydalanish markazi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnomani birinchi boʻlib toʻliq ariza bergan vakolatli shaxsga beradi.
Yer qaʼridan foydalanish markazining uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilishini rad etishi asoslangan boʻlishi hamda ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda Yer qaʼridan foydalanish markazi uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma doirasida nazarda tutilgan ishlar hajmini faqat rekognossirovka qilish ishlarining ayrim turlariga nisbatan cheklashga haqli.
Uglevodorodlarni rekognossirovka qilishga doir ruxsatnoma berilganda yer qaʼri davlat fondi kadastrining ruxsatnomalar reyestriga tegishli yozuv kiritiladi.
