49-modda. Geologik materiallar ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini davlat tomonidan tasdiqlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati ichida yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼri uchastkasidagi noruda foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi ariza bilan Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga murojaat qilishga haqli.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini davlat tomonidan tasdiqlash Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Foydali qazilmalar zaxiralarining sanoatga molik ahamiyati toʻgʻrisidagi qaror ularni davlat balansiga qoʻyish uchun asos boʻladi.
Noruda foydali qazilmalar konlarining geologik materiallarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish va ularning zaxiralarini tasdiqlash uchun Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi joylarda foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha hududiy komissiyalarni tashkil etadi.
Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi milliy yoki xalqaro qoʻllaniladigan standartlarga muvofiq eʼtirof etilgan vakolatli shaxsni jalb qilishga haqli, biroq majbur emas.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasi va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash bunday tasdiqlashni soʻrayotgan yer qaʼridan foydalanuvchining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etiladigan geologik materiallarga doir talab yer qaʼri uchastkasi geologik tuzilishining murakkabligi hamda ularning soni hisobga olingan holda, Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan jalb etilgan foydali qazilmalar zaxiralariga doir hisobotning xalqaro standartlari boʻyicha vakolatli shaxs geologiya-qidiruv ishlari natijalari, foydali qazilmalar zaxiralari (bundan noruda foydali qazilmalar mustasno) toʻgʻrisida ommaviy hisobotlar ham tayyorlashi mumkin. Bunday holda mazkur vakolatli shaxs Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining talablariga muvofiq geologik materiallarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun hisobotlarni ham tayyorlashi shart.
Geologik materiallarning davlat ekspertizasini oʻtkazganlik uchun undiriladigan toʻlov miqdori Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi bilan kelishuvga koʻra Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanadi.
