48-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshirish chogʻida hisobdorlik
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi oʻtgan kalendar yil uchun yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish uchun ruxsatnomada nazarda tutilgan majburiyatlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi hisobotni har yili Yer qaʼridan foydalanish markaziga keyingi yilning birinchi martidan kechiktirmay taqdim etishi shart. Toʻliq boʻlmagan kalendar yil uchun hisobotlar aniq muddat uchun, bunday muddat tugaganidan keyin ikki oydan kechiktirmay taqdim etiladi.
Ruxsatnomaning amal qilishi tugaganidan keyin yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼri uchastkasidagi geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotni Yer qaʼridan foydalanish markaziga ruxsatnomaning amal qilishi tugagan sanadan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay taqdim etishi shart.
Geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot geologik jihatdan oʻrganishni amalga oshirish natijasida aniqlangan foydali qazilmalarning potensial konlari haqidagi axborotni, shu jumladan dastlabki geologik axborot materiallariga asoslangan batafsil geologik maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi, shuningdek geologiya, burgʻilash, tuproqni, togʻ jinslarini, yer osti suvlarini, foydali qazilmalar namunalarini hamda boshqa geologik materiallarni tanlab olish va sinab koʻrish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar, sinovlar hamda geologik jihatdan oʻrganishning holati va natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotning shakli va unga doir talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Ushbu Qonun 169-moddasi birinchi qismining oʻn birinchi va oʻn ikkinchi bandlarida nazarda tutilgan qoidalarni hisobga olgan holda, qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish natijalari haqidagi yakuniy hisobot Qattiq holdagi foydali qazilmalar zaxiralari toʻgʻrisidagi xalqaro hisobot standartlari boʻyicha qoʻmitaning (CRIRSCO) talablariga muvofiq axborotni oʻz ichiga olishi kerak.
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish natijalari boʻyicha yakuniy hisobot geologik materiallarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish va foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash uchun Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Agar yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy hisobotda foydali qazilmalarning zaxiralari hisob-kitob qilingan holda aniqlangan kon haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, hisobot umumlashtirish hamda tizimlashtirish uchun faqat Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etiladi.
