50-modda. Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid ariza
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi, basharti geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomada koʻrsatilgan bir-biriga bogʻliq kadastr kvadratlaridan hech boʻlmaganda bittasida qattiq holdagi foydali qazilmalar koni joylashgan boʻlsa hamda qattiq holdagi foydali qazilmalarning bunday konidan tijorat maqsadida foydalanilishi zarur boʻlsa, bunday kadastr kvadratlarida ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar ushbu Qonunning 108-moddasiga muvofiq qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma olishga oid mutlaq huquqqa ega boʻladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomani olish uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan arizani topshiradi:
1) arizachining davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq toʻliq nomi;
2) arizachi vakolatli shaxs ekanligini tasdiqlovchi hujjat;
3) soʻralayotgan kadastr kvadratlari toʻgʻrisidagi batafsil axborot, shu jumladan ularning joylashgan yeri va koordinatalari koʻrsatilgan tegishli masshtabdagi xarita;
4) geologik jihatdan oʻrganish toʻgʻrisidagi yakuniy hisobot;
5) konni oʻzlashtirish loyihasi yoki texnik-iqtisodiy asos;
6) konni oʻzlashtirish loyihasiga yoki texnik-iqtisodiy asosga muvofiq taklif etilayotgan konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun arizachining moliyaviy, kasbiy va texnik imkoniyatlari dalillari;
7) davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi.
Ariza bilan birga topshiriladigan hujjatlarga nisbatan talablar qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Agar qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati yer qaʼridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish boʻyicha ariza topshirish uchun zarur boʻlgan biror-bir ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini kutayotgan davrda tugasa, geologik jihatdan oʻrganishga doir ruxsatnoma ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olinguniga yoki rad etilguniga qadar amal qilishda davom etadi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma berish boʻyicha arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim miqdori qonunchilik hujjatlarida belgilanadi. Yigʻim summasi qaytarilmaydi.
