37-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchiga kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalarini berish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Foydali qazilmalarni, uglevodorodlarni qazib olish, yer ostida saqlash uchun yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun zarur boʻlganda, kadastr kvadratlari yuzasiga mos keladigan yer uchastkalari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun (yetkazilgan zararni qoplab bergan holda) olib qoʻyilishi mumkin.
Yer uchastkasi yer qaʼridan foydalanish maqsadida jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganidan (yetkazilgan zararni qoplab bergan holda) hamda mazkur yer uchastkasi davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin bunday yer uchastkasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yer fondining boshqa toifasiga oʻtkaziladi.
Yer qaʼri davlat fondining kadastriga kiritilgan kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkalari Yer qaʼridan foydalanish markaziga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga ularning soʻrovlariga koʻra doimiy foydalanishga beriladi.
Yer uchastkasi yer qaʼridan foydalanish maqsadida jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan taqdirda, mahalliy davlat hokimiyati organlari yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun olib qoʻyilayotgan yer uchastkalarining yerdan foydalanuvchisi, yerga egalik qiluvchisi yoki mulkdori bilan kompensatsiya toʻlovining miqdori va shartlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kelishib oladi.
Kompensatsiya toʻlovi Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan zararlarning oʻrnini jismoniy va yuridik shaxslarga qoplash boʻyicha markazlashtirilgan jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Yer qaʼridan foydalanish markazi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi kompensatsiya miqdorini hamda uni toʻlash toʻgʻrisidagi talabni ruxsatnomada aks ettiradi, shuningdek, qoʻllanilishiga koʻra ularni elektron auksion, tender hujjatlariga kiritadi.
Yer qaʼridan foydalanish markaziga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga doimiy foydalanish uchun berilgan yer uchastkalariga ular yer qaʼridan foydalanuvchiga ijaraga berilmaguniga qadar soliq solish obyekti hisoblanmaydi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni va uglevodorodlarni qazib olish, shuningdek yer ostida saqlash huquqiga doir ruxsatnomani berish faqat tegishli yer uchastkasi Yer qaʼridan foydalanish markaziga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga doimiy foydalanish huquqi asosida berilganidan keyin amalga oshiriladi.
