36-modda. Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishga doir umumiy talablar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi butun faoliyat qoʻllaniladigan tegishli darajadagi tarmoq amaliyotiga muvofiq amalga oshirilishi va quyidagilarni taʼminlashga qaratilgan boʻlishi kerak:
1) foydali qazilmalarni texnik va iqtisodiy jihatdan barqaror tarzda qazish va ajratib olish, shuningdek yoʻqotishlarni kamaytirish maqsadida tegishli darajadagi usullar hamda jarayonlardan foydalanish hisobidan amalga oshiriladigan yer qaʼri resurslarini saqlashga;
2) mehnatni muhofaza etishga va avariyalarning, baxtsiz hodisalarning oldini olishga rioya etilishiga imkon beradigan, shuningdek xodimlar, obyektlar hamda mavjud infratuzilma, shu jumladan mahalliy aholi va jamoatchilik uchun tavakkalchilikning amaliy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlgan past darajagacha kamayishiga olib keladigan uslublar hamda jarayonlardan foydalanishni nazarda tutadigan texnika xavfsizligiga rioya etish;
3) yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning atrof muhitga eng kam salbiy taʼsir koʻrsatishiga olib keladigan uslublar va jarayonlar qabul qilinishini talab etadigan atrof-muhitni muhofaza qilish.
Yer qaʼridan foydalanuvchi Yer qaʼridan foydalanish markazining soʻroviga koʻra muayyan amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash qoʻllaniladigan tegishli darajadagi tarmoq amaliyotiga muvofiqligini quyidagilar orqali namoyish etadi:
1) amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash xalqaro darajada tan olingan tashkilot tomonidan qabul qilingan standartga muvofiqligi yoxud undan mustahkamroq ekanligi hamda Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan qoʻllaniladigan standart sifatida eʼtirof etilishi yuzasidan dalillar taqdim etish;
2) qabul qilingan amaliyot, tartib-taomil yoki tasniflash ishonchli, xavfsiz, samarali va zarur ekanligi yuzasidan asoslarni taqdim etish.
