26-modda. Yer qaʼridan foydalanish sohasidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini berish
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanish markazi ushbu Qonunga muvofiq jamoatchilikni asosiy axborotdan, shu jumladan kamida quyidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydi:
1) yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga doir berilgan ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi, shu jumladan yer qaʼridan foydalanish huquqidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish, uni boshqa shaxsga oʻtkazish, shuningdek ruxsatnomalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va ularni bekor qilish haqidagi;
2) taʼminotning turini va summasini, amal qilish muddatini va taʼminotni bergan tashkilotning nomini oʻz ichiga olgan yer qaʼridan foydalanish oqibatlari bartaraf etilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi;
3) yer qaʼridan foydalanuvchi taqdim etilgan hisobotga binoan amalga oshirgan xarajatlarning yillar boʻyicha umumiy summasi haqidagi;
4) agar tovarlar, ishlar va xizmatlardagi mahalliy ulush miqdorini taʼminlash yer qaʼri uchastkalaridan foydalanishning tegishli shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa, yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan yer qaʼri uchastkasidan foydalanishga doir ishlarni amalga oshirish uchun avvalgi hisobot davrida olingan tovarlar, ishlar va xizmatlardagi mahalliy ulush miqdori toʻgʻrisidagi;
5) agar koʻrsatilgan xarajatlar tegishli ruxsatnomaning shartlariga koʻra majburiy boʻlsa, yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan mahalliy kadrlarni oʻqitish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, mahalliy aholini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun avvalgi hisobot davrlari boʻyicha amalga oshirilgan xarajatlarning umumiy summasi haqidagi.
Bunday axborot xarajatlarning oʻrnini qoplash uchun nominal toʻlov evaziga taqdim etiladi.
Davlat organlari tomonidan olingan hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi mavjud geologik axborot ruxsatnomaning, shu jumladan biror-bir keyingi ruxsatnomaning amal qilishi saqlanadigan vaqtga qadar yer qaʼridan foydalanuvchining tijorat siri boʻlib qoladi hamda davlat organlari uning maxfiyligini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrishi shart. Davlat konchilik kompaniyalaridan tashqari boshqa davlat organlarining talabiga koʻra, bunday axborot yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan, basharti davlat organlari ushbu axborotning maxfiyligini himoya qilish, shu jumladan davlat konchilik kompaniyalaridan ham himoya qilish boʻyicha choralar koʻrsa, oshkor qilinishi mumkin.
