27-modda. Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi Oʻzbekiston Respublikasi foydali qazilmalari zaxiralarining holatini va harakatlanishini hisobga olish maqsadida har yili Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan yuritiladi.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan konlar boʻyicha har bir turdagi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori, sifati va oʻrganilganlik darajasi, ularning joylashishi toʻgʻrisidagi, sanoat yoʻsinida oʻzlashtirilish, qazib olinish, yoʻqotilish hamda foydali qazilmalar zaxiralari bilan taʼminlanganlik darajasi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi quyidagi maʼlumotlar asosida yuritiladi:
1) yer qaʼrini qaysi geologik jihatdan oʻrganish natijasida muayyan konlar va texnogen mineral hosilalar boʻyicha foydali qazilmalarning zaxiralari tasdiqlangan (qayta tasdiqlangan) boʻlsa, oʻsha geologik jihatdan oʻrganish haqidagi;
2) konlarni oʻzlashtirish chogʻida foydali qazilmalarni qazib olish toʻgʻrisidagi;
3) texnogen mineral hosilalardan foydalanish chogʻida foydali qazilmalarni ajratib olish haqidagi.
Yer qaʼridan foydalanuvchilar foydali qazilmalar zaxiralarini davlat balansida hisobga olish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilgan quyidagi materiallarni taqdim etadi:
1) yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishga doir ishlarning natijalari toʻgʻrisidagi hisobotni;
2) foydali qazilmalar konining pasportini;
3) Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasining foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash (qayta tasdiqlash) toʻgʻrisidagi bayonnomasini.
Yer qaʼridan barqaror foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, yer qaʼridan foydalanganlik uchun haq toʻlash, foydalanishga beriladigan yer qaʼri uchastkalarining chegaralarini belgilash maqsadida tegishli geologik materiallar davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi mumkin, ijobiy xulosaga asosan esa oʻrganilayotgan konlardagi foydali qazilmalarning zaxiralari tasdiqlanadi. Yer ostida saqlash uchun ajratilgan yer qaʼri maydoni boʻyicha materiallar ham davlat ekspertizasidan oʻtkazilishi mumkin.
Foydali qazilmalar zaxiralarning davlat balansiga kiritish uchun foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganishning barcha bosqichlarida konning sanoat ahamiyatiga molik qimmatini belgilaydigan qidiruv shartlari asosida amalga oshiriladi.
