24-modda. Yer qaʼri kadastr tizimining maʼlumotlar bazasi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼri kadastr tizimining maʼlumotlar bazasi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida foydali qazilmalarni geologik jihatdan oʻrganish, qazib olish sohasidagi, shuningdek ularni qazib olish tugaganidan keyingi faoliyat toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar birlashtiriladigan, saqlanadigan, yuritiladigan va muntazam ravishda yangilab boriladigan maʼlumotlar bazasidan iborat.
Yer qaʼri kadastr tizimining maʼlumotlar bazasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) potensial, amaldagi hamda toʻxtatib turilgan qattiq foydali qazilmalarni va uglevodorodlarni qazib olish uchastkalari, shuningdek minerallashtirish zonalari toʻgʻrisidagi geologik, gidrogeologik, geofizik, geokimyoviy va boshqa axborotni;
2) yer qaʼri davlat fondi materiallarida qayd etilgan yer qaʼri va u bilan bogʻliq inshootlar haqidagi axborotni;
3) yer qaʼridan foydalanishga doir amaldagi va ilgari berilgan barcha ruxsatnomalar uchun geografik maʼlumotlarni, geologik maʼlumotlarni hamda tegishli iqtisodiy maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan maʼlumotlarni va yer qaʼridan foydalanish boʻyicha boshqa huquqlarni;
4) yer qaʼri holatining davlat monitoringi, foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi toʻgʻrisidagi axborotni, shuningdek yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi kartografik materiallarni, davlat hisobini hamda davlat statistika hisobotini.
Ilgari olingan barcha maʼlumotlar ularning butligini taʼminlash maqsadida tarixiy maʼlumotlar boʻyicha maʼlumotlar bazasi boʻlimida hisobga olinishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining kartografik maʼlumotlari bilan birga yer qaʼri kadastr tizimining maʼlumotlar bazasi ushbu Qonunning 25-moddasida nazarda tutilgan geologik axborot tizimiga (bundan buyon matnda GAT deb yuritiladi) asosan geologik maʼlumotlar bazasi uchun asosni taʼminlaydi.
