23-modda. Geologik axborot
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼrining va uning uchastkalarining, foydali qazilmalar konlari hamda belgilarining moddiy tarkibi, geologik tuzilishi va tarixi, geologik, geokimyoviy, geofizik, gidrogeologik, geomorfologik hamda tektonik xususiyatlari toʻgʻrisidagi har qanday tashuvchida qayd etilgan va identifikatsiya qilish imkonini beradigan rekvizitlarga ega boʻlgan maʼlumotlar geologik axborotdir.
Geologik axborotni tashuvchilar landshaft, togʻ jinslarining namunalari kabi tabiiy tashuvchilarga, (foydali qazilmalar, karbonat angidrid gazlari, merkaptanlar, suvlar namunalari, togʻ jinslari va minerallar namunalari, burgʻilangan quduqlar kernlari, tosh materiallarining namunalari hamda kolleksiyalari, shliflar, anshliflar, mineral eritmalar va kukunlar) hamda sunʼiy tashuvchilarga (dala kuzatuvlari, namunalar olish, namunalarning tahlillari, geofizik kuzatuvlarni roʻyxatga olish jurnallari, geologik hisobotlar, birlamchi dala maʼlumotlarining qogʻozdagi va elektron tashuvchilar) boʻlinadi.
Agar geologik axborot budjet mablagʻlari hisobidan olingan yoki ushbu Qonunga muvofiq davlat mulkiga topshirilgan boʻlsa, u davlat mulkida boʻladi. Yer qaʼridan foydalanuvchining mablagʻlari hisobidan olingan geologik axborot yer qaʼridan foydalanuvchining mulki boʻladi. Ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etiladigan geologik hisobotlardagi va boshqa hujjatlardagi xususiy geologik axborot davlatga muddatsiz egalik qilishga hamda foydalanishga beriladi.
Davlat mulkida boʻlgan geologik axborotni, shuningdek davlatning egaligida va foydalanishida boʻlgan axborotni hisobga olish, saqlash, tizimlashtirish, umumlashtirish hamda taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻzi tomonidan olingan geologik axborotning hisobga olinishi va saqlanishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi vakillarining ushbu axborotdan oʻrganish yoki tekshirish uchun moneliksiz foydalanishi imkoniyatini, basharti qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxfiylikka hamda boshqa oqilona cheklovlarga rioya etilsa, qonunchilikda belgilangan tartibda taʼminlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi yer qaʼridan foydalanuvchidan hisobotlardagi tegishli geologik axborotni vazirlikka mulk qilib bepul topshirilishini talab qilishga haqli.
Yer qaʼridan foydalanuvchilar bir oydan kechiktirmay Yer qaʼridan foydalanish markazini — geologik axborotni tabiiy tashuvchilar kelgusida boshqa shaxslarga oʻtkazilishi yoki yoʻq qilinishi toʻgʻrisida hamda yer qaʼridan foydalanish tugatilguniga qadar — geologik axborotning mavjud tabiiy tashuvchilari boshqa shaxslarga oʻtkazilishi va sunʼiy tashuvchilar tiklanishi lozim boʻlmagan tarzda yoʻq qilinishi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
