22-modda. Birlamchi geologik axborot reyestri
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish chogʻida olingan birlamchi geologik axborotning yagona hisobini yuritish va uni lozim darajada saqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan birlamchi geologik axborot reyestri yuritiladi.
Birlamchi geologik axborot reyestri yer qaʼri davlat fondining boshqa tizimlari bilan oʻzaro bogʻlanadigan, yer qaʼri toʻgʻrisidagi birlamchi geologik axborotni toʻplash, hisobga olish, tizimlashtirish va saqlash yoʻli bilan tashkil etiladigan maxsus axborot-qidiruv tizimidan iboratdir.
Birlamchi geologik axborot reyestri yer qaʼri toʻgʻrisidagi geologik axborotning egalari tomonidan taqdim etiladigan axborotga asosan yuritiladi.
Yer qaʼri toʻgʻrisidagi birlamchi geologik axborot reyestrida tabiiy va sunʼiy tashuvchilardagi geologik axborot hisobga olinadi.
Geologik axborotning tabiiy tashuvchilarini saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan hududlarda tashkil etilgan davlat ixtisoslashtirilgan saqlash joylarida amalga oshiriladi.
Birlamchi geologik axborot reyestriga kiritiladigan geologik axborotning tarkibi, uni avtomatlashtirish, yozuvlarni kiritish shakli, ushbu axborotni saqlash va undan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, shuningdek birlamchi geologik axborotning tabiiy tashuvchilarini davlat ixtisoslashtirilgan saqlash joylariga taqdim etish, ularga ishlov berish, ularni tavsiflash hamda saqlash Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan belgilanadigan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
