21-modda. Yer qaʼrining davlat fondi kadastri
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼrining davlat fondi kadastri Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan yuritiladi va yangilanib boriladi hamda quyidagilardan iborat boʻladi:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarining va belgilarining kadastri;
2) uglevodorodlar kadastri;
3) yer qaʼri makonining kadastri;
4) qattiq holdagi foydali qazilmalarga, yer ostida saqlashga doir ruxsatnomalar va boshqa ruxsatnomalar kadastri;
5) texnogen mineral hosilalar kadastri;
Qattiq holdagi foydali qazilmalar konlari va belgilarining kadastri har bir qattiq holdagi foydali qazilmalar koni hamda belgisi boʻyicha ham asosiy foydali qazilmalarning, ham ular bilan birga joylashgan foydali qazilmalarning miqdori va sifati, foydali komponentlar, qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarini yoki yer qaʼri uchastkalarini oʻzlashtirishning kon-ruda, texnologik, gidrogeologik, ekologik hamda boshqa shartlari toʻgʻrisidagi, shuningdek qattiq holdagi foydali qazilmalar konlarining geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi haqidagi barcha mavjud axborotni oʻz ichiga oladi.
Qattiq holdagi foydali qazilmalar konlari va belgilarining kadastri qarovsiz qolgan, ishlatilayotgan va yopiq konlar yoki qazib olish uchastkalari toʻgʻrisidagi, ularning maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, oʻlchami, iqtisodiy va ishlab chiqarishga oid maʼlumotlar, maxsus ruxsatnomalar, foydalanishga doir rejalar, har yilgi hisobotlar kabi axborotni hamda boshqa tegishli axborotni oʻz ichiga oladi.
Uglevodorodlar kadastri neft-gaz operatsiyalarining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq holda alohida kadastr tarzida yuritiladi va quyidagilardan iborat boʻladi:
1) uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastridan;
2) uglevodorodlar konlari boʻyicha ruxsatnomalar kadastridan;
3) uglevodorodlar quduqlarining kadastridan.
Uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastri har bir uglevodorodlar koni boʻyicha asosiy foydali qazilmalarning hamda boshqa foydali qazilmalarning va ular bilan birga joylashgan foydali qazilmalarning miqdori hamda sifati, uglevodorodlar konlarini yoki yer qaʼri uchastkalarini oʻzlashtirishning kon-ruda, texnologik, gidrogeologik, ekologik hamda boshqa shartlari, shuningdek har bir uglevodorodlar konining geologik-iqtisodiy jihatdan baholanishi toʻgʻrisidagi barcha mavjud axborotni oʻz ichiga oladi. Uglevodorodlar konlari va belgilarining kadastri qazib olish uchastkalari toʻgʻrisidagi, ularning maqomi, joylashgan yeri, mulk huquqi, miqdori haqidagi, iqtisodiy va ishlab chiqarishga oid maʼlumotlar, maʼqullash, foydalanishga doir rejalarni, har yilgi hisobotlar kabi axborotni hamda boshqa tegishli axborotni, shuningdek qarovsiz qolgan, ishlatilayotgan va yopiq (konservatsiya qilingan) quduqlarning koordinatalarini oʻz ichiga oladi.
