20-modda. Yer qaʼrining davlat fondi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼrining davlat fondi Oʻzbekiston Respublikasining yer qaʼrida joylashgan foydali qazilma resurslarining potensial qimmati toʻgʻrisidagi axborot davlat tomonidan saqlanadigan joydir. U foydalanilayotgan va foydalanilmayotgan yer qaʼri uchastkalari toʻgʻrisidagi, shuningdek texnogen mineral hosilalar haqidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Yer qaʼrining foydalanilayotgan uchastkalari belgilangan maqsadidan qatʼi nazar, ruxsatnoma berilgan uchastkalarni oʻz ichiga oladi.
Yer qaʼrining davlat fondini hisobga olish Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
1) yer qaʼrining davlat fondi kadastrini yuritish;
2) yer qaʼri holatining davlat monitoringini amalga oshirish;
3) yer qaʼrining davlat fondiga taalluqli boʻlgan geologik axborotni yigʻish, saqlash, tizimlashtirish, umumlashtirish va tahlil qilish.
Yer qaʼri va uning obyektlari toʻgʻrisidagi geologik, gidrogeologik, geofizik, geokimyoviy hamda boshqa axborot Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona tizim boʻyicha qabul qilinadi, ishlov beriladi, saqlanadi va foydalaniladi.
Yer qaʼri va uning obyektlari toʻgʻrisidagi axborot yer qaʼri davlat fondi kadastrining, yer qaʼri holati davlat monitoringining, foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansining materiallarida, shuningdek xaritalash, yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat hisobi hamda statistika hisoboti materiallarida qayd etiladi. Materiallar bir-biriga toʻgʻri kelishi hamda yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi yagona axborot tizimining asosini tashkil etishi kerak.
Yer qaʼrining davlat fondiga kiritilishi lozim boʻlgan axborotning turi va mazmuni qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladi.
