159-modda. Infratuzilma
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi tegishli ruxsatnomalar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan va davlat ekologik ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlgan infratuzilmani qurish hamda taʼminlash huquqiga ega.
Yer qaʼridan foydalanuvchining tegishli faoliyati jarayonida qurilgan, oʻrnatilgan va foydalanilayotgan infratuzilma quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
1) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan standartlarga, texnik shartlarga va xavfsizlik talablariga toʻliq muvofiq holda loyihalashtirish, tayyorlash, yetkazib berish, oʻrnatish va ularga xizmat koʻrsatish;
2) infratuzilma qaysi maqsadda foydalanilayotgan boʻlsa yoki foydalaniladigan boʻlsa, oʻsha maqsadga muvofiq boʻlishi;
3) yer qaʼridan foydalanish boʻyicha tegishli faoliyatning xavfsiz amalga oshirilishini taʼminlashi;
4) yer qaʼridan foydalanishga doir faoliyatni amalga oshirish jarayonida duch kelinishi taxmin qilinayotgan muayyan foydalanishga oid va ekologik sharoitlar inobatga olinishi;
5) tasdiqlangan tegishli ishlar rejasiga muvofiq boʻlishi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan qurilgan har qanday infratuzilma uchun dastlab reja tuzilib, u fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining roziligi olinganidan keyin tasdiqlash uchun vakolatli organga taqdim etiladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi infratuzilma yoki obyekt qoʻllanilgan standartlar va talablarga muvofiq ekanligiga ishonch hosil qilish uchun konchilik yoki neft-gaz infratuzilmasi hamda obyektlarining muntazam sinovlarini, koʻriklarini va tekshiruvlarini oʻtkazishi shart, shuningdek bunday har qanday sinovlar, koʻriklar va tekshiruvlar natijalarining hisobini yuritishi shart.
Konchilik yoki neft-gaz infratuzilmasi va obyektlarining sinovlari, koʻriklari hamda tekshiruvlari toʻgʻrisidagi yozuvlar soʻrovga koʻra Yer qaʼridan foydalanish markaziga, Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga, qoʻllaniladigan holga qarab, shuningdek yer qaʼridan foydalanuvchidan tegishli sinov, koʻrik yoki tekshiruv oʻtkazilishi xususida hisobot tayyorlash va taqdim etishni talab qilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa vakolatli davlat organlariga taqdim etiladi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasi doirasida barpo etilgan kommunikatsiya kanallaridan boshqa qoʻshni konchilik, sanoat va tijorat korxonalarining ehtiyojlari uchun ularning soʻroviga koʻra foydalanilishi mumkin, shuningdek, basharti yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan ularning foydalanilishiga toʻsiqlar mavjud boʻlmasa, uning roziligiga koʻra, taraflar kelishuvida belgilangan kompensatsiyani toʻlash sharti bilan jamoatchilik foydalanishi uchun ochiq boʻlishi mumkin.
