157-modda. Oʻzbekiston Respublikasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari boʻyicha mahalliy qamrovni taʼminlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanish boʻyicha ishlarni amalga oshirish chogʻida yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari boʻyicha har qanday yer qaʼridan foydalanuvchi yoki uning pudratchilari va ikkilamchi pudratchilari butun saʼy-harakatlarini quyidagilarga afzallik berishga qaratadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan yoki mavjud boʻlgan tovarlar, materiallar va uskunalarga, agar ular oʻz tavsiflariga koʻra miqdori, sifati, narxi va yetkazib berilish muddatlari boʻyicha xorijiy tovarlarga muvofiq boʻlsa;
2) Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy va yuridik shaxslari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarga.
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar, materiallar, ishlar va xizmatlarni yetkazib berish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yer qaʼridan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishda, basharti ular oʻz tavsiflariga koʻra miqdori, sifati, narxi va yetkazib berilishi muddatlari boʻyicha xorijiy tovarlarga muvofiq boʻlsa, yer qaʼridan foydalanuvchiga nisbatan mahalliy qamrov talablarining muayyan ulushi qonunchilik hujjatlarida belgilanishi mumkin.
Yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzining har yilgi hisobotiga xaridlardagi mahalliy qamrov toʻgʻrisidagi batafsil axborotni kiritishi shart.
