156-modda. Fan va oʻqitishga oid talablar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi yoki uglevodorodlar boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi qazib olish boʻyicha faoliyat boshlanganidan eʼtiboran oʻn ikki oydan keyin Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun oʻqitish dasturini ishlab chiqadi. Yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini oʻqitishga oid batafsil dasturini dasturni amalga oshirish boshlanguniga qadar kamida bir oy oldin Yer qaʼridan foydalanish markaziga kelishishi uchun taqdim etishi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
1) fanning, oʻqitishning va taʼlimning rivojlanishini yer qaʼridan foydalanish boʻyicha tegishli faoliyatning barcha bosqichlarida taʼminlashni;
2) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning boshqaruvga oid va texnik imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek texnik ishlarni bajarish uchun, shu jumladan maʼlumotlarni talqin qilish boʻyicha zarur boʻlgan biror-bir vositalarni kengaytirish yoʻli bilan eng koʻp darajada bilimlar berishni;
3) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan xodimlarni va Oʻzbekiston Respublikasi hududida taʼlimga oid faoliyat bilan shugʻullanuvchi taʼlim tashkilotlarining talabalarini amaliyotda oʻqitish uchun tegishli imkoniyatlarni zaxira qilishni;
4) etnik, madaniy va gender tenglikni hamda inson huquqlarining, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan millatlar va xalqlarga hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalariga mansub boʻlgan shaxslarning huquqlari hurmat qilinishi taʼminlanishini.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzining oʻqitish dasturi oʻtgan yilgi natijalar boʻyicha foydali qazilmalarni yoki uglevodorodlarni qazib olishdan olingan oʻz sof tushumining kamida bir foizi miqdorida moliyalashtirilishini taʼminlashi shart.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzining har yilgi hisobotiga oʻqitish dasturi doirasida amalga oshiriladigan oʻqitish tadbirlari toʻgʻrisidagi batafsil axborotni kiritishi shart.
