155-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan mahalliy kadrlar qamrovini taʼminlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Biror-bir ruxsatnoma boʻyicha foydalaniladigan, malaka talab etilmaydigan kasblar uchun barcha malakasiz ishchi kuchi faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan jalb etiladi.
Har qanday yer qaʼridan foydalanuvchi va uning pudratchilari, ikkilamchi pudratchilari hamda milliy yetkazib beruvchilar mahalliy ishchi kuchiga afzallik berishi kerak.
Yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan chet el ishchi kuchini jalb etish faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida kadrlar yetishmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Rahbarlar va mutaxassislar tarkibida chet el fuqarolarining soni har bir tegishli toifadagi rahbarlar hamda mutaxassislar umumiy sonining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Agar yer qaʼridan foydalanuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida malakali kadrlar yoʻqligini isbotlay olsa, yer qaʼridan foydalanuvchi chet el mutaxassislarini ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan limitli cheklovlardan tashqari jalb etishi va yollashi, shu jumladan rahbarlik lavozimlariga jalb etish va yollashi mumkin.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari boʻyicha loyiha qurilishi bosqichida Oʻzbekiston Respublikasining tegishli kadrlar yetishmasligi kuzatilayotgan hududlarida ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan limitli cheklov qoʻllanilmaydi.
Yer qaʼridan foydalanuvchi oʻzining har yilgi hisobotiga mahalliy kadrlar qamrovi, shu jumladan rahbarlar va mutaxassislar tarkibidagi mahalliy kadrlar qamrovi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritishi shart.
