153-modda. Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini moliyalashtirish yoʻli bilan taʼminlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan mahsulot realizatsiya qilinganidan keyin birinchi yildan eʼtiboran, bunday yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha tasdiqlangan reja, shu jumladan yer uchastkasini tiklash boʻyicha reja yuzasidan faqat oʻz majburiyatlarini bajarish maqsadida maqsadli bank hisobvaragʻiga ega boʻlgan tugatish fondini tashkil etadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tugatish fondining bank hisobvaragʻi:
1) yer qaʼridan foydalanuvchining nomiga maxsus eskrou hisobvaragʻi (eskrou-hisobvaraq) tarzida ochiladi;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining litsenziyasiga ega boʻlgan yaxshi nufuzli tijorat bankida xizmat koʻrsatiladi;
3) foizlar hisoblanishini nazarda tutadi, bunda barcha hisoblangan foizlar tugatish fondining bir qismi hisoblanadi;
4) inflyatsiya natijasida qiymati yoʻqotilishining oldini olish uchun nisbatan barqaror valyutada denominatsiya qilinadi.
Pul mablagʻlari tugatish fondining hisobvaragʻiga yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan har yili 31-martga qadar kiritiladi. Har yili toʻlanishi lozim boʻlgan summa yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan oxirgi yilda olingan sof daromadning bir foizini tashkil etadi.
Agar toʻlov davridagi yil toʻliq boʻlmasa, yer qaʼridan foydalanuvchining moliyalashtirish boʻyicha majburiyati mazkur yildagi shunday davrning har bir toʻliq oyi uchun mutanosib ravishda hisob-kitob qilinadi.
Toʻlovlar yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan bir yoʻla yoki qismlarga boʻlib amalga oshirilishi mumkin, qismlar har bir moliya yili davomida toʻrt qismdan oshmasligi kerak. Tugatish fondiga kiritiladigan badallar soliq solinadigan bazadan chegirib tashlanishi lozim.
Ushbu modda beshinchi qismining qoidalarini inobatga olgan holda tugatish fondining pul mablagʻlari garovga qoʻyilishi yoki biror-bir kredit yoki kafolatning taʼminoti sifatida taklif qilinishi, shuningdek boshqacha tarzda undirilishi yoki biror-bir shaklda oʻzga shaxsga berilishi mumkin emas.
Agar yer qaʼridan foydalanuvchi ushbu Qonunning 111-moddasiga muvofiq yer qaʼridan foydalanishga doir ruxsatnoma boʻyicha huquqlarining bir qismidan yoki barchasidan uchinchi shaxs foydasiga voz kechsa, u tegishincha tugatish fondi pul mablagʻlarining bir qismini yoki barchasini tasdiqlangan huquqni qabul qilib oluvchiga topshirishi mumkin. Tugatish fondi bunday boshqa shaxs foydasiga voz kechishdan keyin toʻliq hajmda shakllantiriladi.
