152-modda. Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatlarning bajarilishini kafolat, bank omonati garovi yoki sugʻurta bilan taʼminlash
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatishni va yer uchastkasini tiklash uchun xarajatlarni moliyalashtirish boʻyicha oʻz majburiyatini kafolat, bank omonati garovi yoki sugʻurta bilan bajarishi mumkin.
Yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatni yoki yer uchastkasini tiklash boʻyicha majburiyatni bajarmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi, qoʻllanilgan holga qarab, kafildan bank omonati yoki sugʻurta polisi hisobidan yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yer qaʼridan foydalanuvchining majburiyatlarini bajarish uchun belgilangan eng kam pul summasi doirasida yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha rejaga va yer uchastkasini tiklash boʻyicha rejaga muvofiq toʻliq yoki qisman badal olishga yoxud kafolat, bank omonati garovi yoki sugʻurta summasini olishga haqli.
Kafolat yaxshi nufuzli bank tomonidan beriladi. Agar chet el banki yoki aksiyalari qimmatli qogʻozlar bozorida muomalada boʻlgan tashkilot kafil boʻlsa, bunday kafillar Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan belgilanadigan minimal kredit reytingi boʻyicha shartlarga muvofiq boʻlishi kerak. Kafolat Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan kelishilgan standart shakl boʻyicha davlat tilida taqdim etiladi. Chet el shaxsi tomonidan berilgan kafolat albatta davlat tilidagi tarjimasi bilan chet tilda tuzilishi mumkin boʻlib, tarjimaning toʻgʻriligi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Bank omonati garovida ushbu moddaga muvofiq faqat yaxshi nufuzli bankda joylashtirilgan bank omonati garov predmeti boʻlishi mumkin. Omonat garovga faqat shu maqsadda topshiriladi va yer qaʼridan foydalanuvchining barcha boshqa kreditorlari oldida ustuvorlikka ega boʻladi.
Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatlar bajarilishining taʼminoti boʻlgan bank omonatining qayta garovi taqiqlanadi. Bank omonati garovi milliy yoki chet el valyutasida kiritilishi mumkin.
Sugʻurtada sugʻurta polisini beradigan sugʻurta tashkiloti Yer qaʼridan foydalanish markazi belgilaydigan chet el valyutasida minimal kredit reytingi talablariga javob beradigan yetakchi kompaniya boʻlishi kerak. Sugʻurta shartnomasi tufayli yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik (sugʻurta hodisasi) Oʻzbekiston Respublikasi (naf oluvchi) foydasiga sugʻurta summasi toʻlanishiga sabab boʻladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan sugʻurta munosabatlari sugʻurta toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
