151-modda. Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish uchun moliyaviy kafolatlar
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi foydali qazilmalarni qazib olish loyihasi mavjud boʻlishini talab etadigan foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaga asosan foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha har qanday faoliyat boshlanguniga qadar, ushbu Qonunning 152-moddasida belgilangan shakl boʻyicha quyidagi maqsadda moliyaviy kafolat berishi shart:
1) ushbu Qonunning qoidalariga, shu jumladan faoliyat tugatilganidan keyingi ishlarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlar toʻgʻrisidagi qoidalarga muvofiq berilgan ruxsatnomada koʻrsatilgan barcha majburiyatlarni toʻliq hajmda bajarish maqsadida;
2) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha rejaga, yer uchastkasini tiklash boʻyicha rejaga va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish rejasiga binoan yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish va konchilik faoliyati natijasida zarar koʻrgan yer uchastkasini yoki chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha biror-bir infratuzilma obyektini tiklash uchun istalgan paytda mablagʻlar olinishini taʼminlash maqsadida.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan kafolat miqdorini hisob-kitob qilish quyidagi asosda amalga oshiriladi:
1) konchilik faoliyatining va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha infratuzilma obyektlarining atrof-muhitga hamda inson sogʻligʻiga ehtimol tutilgan taʼsiri asosida;
2) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish va yer uchastkasini tiklash boʻyicha, shu jumladan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha biror-bir infratuzilma obyekti foydalanilganidan keyingi ishlarni aniqlash asosida;
3) qoʻllaniladigan ekologik standartlar va maqsadlar, shu jumladan chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha biror-bir infratuzilma obyektining fizik jihatdan barqarorligi, tuproq va suv resurslari sifatining minimal standartlari hamda ifloslantiruvchi moddalar chiqarib tashlanishining eng yuqori darajasi asosida;
4) ekologik maqsadlarga erishish uchun zarur boʻlgan texnik chora-tadbirlar, xususan, chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha infratuzilma obyektining barqarorligini taʼminlashga va atrof-muhitga zararni cheklashga qaratilgan chora-tadbirlar asosida;
5) konni yopish bosqichida va u yopilganidan keyin, shu jumladan yer uchastkasining tiklanishini taʼminlash, faoliyat tugatilganidan keyingi ishlarni amalga oshirish hamda zarur boʻlgan taqdirda monitoring oʻtkazish maqsadlariga erishish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlar va bioxilma-xillikni tiklash boʻyicha chora-tadbirlar asosida;
