149-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchining uran konlari va inshootlari oqibatlarini tugatish, shuningdek yer uchastkasini tiklash boʻyicha majburiyatlari
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Uran boʻyicha konchilik faoliyatini amalga oshiruvchi yer qaʼridan foydalanuvchi qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnoma doirasida yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha boshqa majburiyatlarga qoʻshimcha ravishda quyidagilarga rioya etishi shart:
1) uran boʻyicha konchilik faoliyatining tugatilishini tartibga soluvchi, qoʻllanilishi mumkin boʻlgan joylarda, uranni qazib olish, rudani qayta ishlash, uran oksidi konsentratlarini ishlab chiqarish boʻyicha biror-bir infratuzilma obyektini va konchilik faoliyatining radioaktiv chiqindilari bilan bogʻliq ishlar amalga oshiriladigan obyektni tugatishni, u yopilganidan keyin uni saqlash hamda unga texnik xizmat koʻrsatishni tartibga soluvchi har qanday qoʻllaniladigan qonunchilik qoidalariga;
2) uran koni va obyektlarini yopish, shuningdek yer uchastkasini tiklash boʻyicha ishlar uchun radiatsiyaviy xavfsizlikka doir maxsus ruxsatnoma qoidalari hamda shartlariga.
Yer qaʼridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organini quyidagilar haqida darhol yozma shaklda xabardor qilishi shart:
1) qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olishga doir ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaguniga qadar amalga oshiriladigan uran boʻyicha konchilik faoliyatini tugatish muddatlari haqida;
2) konni yopishning tasdiqlangan rejasiga nisbatan faktik axborotdagi biror-bir oʻzgarishlar toʻgʻrisida.
Yer qaʼridan foydalanuvchi radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organni konni yopish boʻyicha hamda u yopilganidan keyin barcha tasdiqlangan chora-tadbirlar va ishlar muvaffaqiyatli tugallanganligi toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qiladi hamda unga ishlarni amalga oshirish jarayonida qilingan xarajatlarni tasdiqlovchi moliyaviy hisobotlarni taqdim etadi.
Radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli organ bajarilgan tadbirlarning yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha rejada koʻrsatilgan ishlarga hamda uran konini va infratuzilma obyektlarini yopish uchun radiatsiyaviy xavfsizlikka doir ruxsatnoma shartlariga muvofiqligini tekshiradi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan moliyaviy hisobot “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga muvofiq auditor tomonidan tasdiqlanishi hamda uran boʻyicha konchilik faoliyatini moliyaviy, ekologik va texnik auditdan oʻtkazish borasida tegishli tajribaga ega boʻlgan mustaqil auditor tomonidan yer qaʼridan foydalanuvchining hisobidan tekshirilishi lozim.
