147-modda. Yer qaʼridan foydalanuvchining yer uchastkasini tiklash boʻyicha yakuniy rejani taqdim etishga doir majburiyati
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Zimmasida yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy rejani yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejani taqdim etish majburiyati boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanishga doir faoliyat yakunlanguniga qadar bir yil ichida Yer qaʼridan foydalanish markaziga yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy reja yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha reja tarkibida yer uchastkasini tiklash boʻyicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun taqdim etishi shart.
Yer uchastkasini tiklash boʻyicha yakuniy rejaning mazmuni tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza oʻtkazish va uning yuzasidan ijobiy xulosa olish talablariga mos boʻlishi kerak, bunda bunday davlat ekologik ekspertizasida biror bir muhofaza qilinadigan tabiiy resurslarga nisbatan koʻrsatilgan xulosalar, tadqiqotlar va baholashlar tabiatga taʼsirni baholash hamda yer qaʼridan foydalanuvchi yer uchastkasini tiklash boʻyicha amalga oshirishni taklif qilayotgan chora-tadbirlarni baholash chogʻida eʼtiborga olinadi.
Yer qaʼridan foydalanish markazi yer uchastkasini tiklash boʻyicha yakuniy rejani ushbu Qonun 143-moddasining qoidalariga muvofiq konni yopishning yakuniy rejasini tasdiqlash tartib-taomili doirasida kelishadi.
