146-modda. Neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirayotgan yer qaʼridan foydalanuvchining yer uchastkasini tiklash boʻyicha dastlabki rejani tuzishga doir majburiyati
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Neft-gaz operatsiyalari boʻyicha biror-bir ishlar boshlanguniga qadar uglevodorodlarni geologik jihatdan oʻrganish loyihasini yoki uglevodorodlar konini oʻzlashtirish loyihasini tayyorlashi va tasdiqlash uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etishi zarur boʻlgan yer qaʼridan foydalanuvchi neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish rejalashtirilayotgan, yer qaʼridan foydalanilgan yer uchastkasini tiklash boʻyicha dastlabki rejani tuzadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan, yer uchastkasini tiklash boʻyicha dastlabki reja, agar qoʻllash mumkin boʻlsa, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) yer uchastkasini tiklash boʻyicha taklif etilayotgan ishlarni bajarishning dastlabki jadvalini;
2) rejani bajarish uchun taklif etilayotgan barcha chora-tadbirlar qiymatining baholanishini;
3) taklif etilayotgan neft-gaz operatsiyalari bosqichlarining yer uchastkasiga va atrof-muhitga taxmin qilinayotgan taʼsirining baholanishini;
4) yer uchastkasini tiklash boʻyicha chora-tadbirlarni bajarish uchun foydalanilishiga taklif qilinayotgan texnika va transport uskunalarining tavsifini;
5) yer qaʼri uchastkasidan rejalashtirilayotgan takroran foydalanishni va undan takroran foydalanish uchun taklif etilayotgan cheklovlarni.
Yer uchastkasini tiklash boʻyicha birlamchi ishlab chiqilgan dastlabki reja yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha dastlabki rejaning bir qismi hisoblanadi.
Agar neft-gaz operatsiyalarini oʻtkazish jarayonida atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan sharoitlar oʻzgarganligi munosabati bilan atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza oʻtkazilishini va uning yuzasidan ijobiy xulosa olinishini talab qilsa, yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha yangi rejani tuzishi va tasdiqlash uchun Yer qaʼridan foydalanish markaziga taqdim etishi shart.
