143-modda. Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy rejani yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejani tasdiqlash tartibi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyatning asosiy turlari boʻyicha yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy rejani yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejani taqdim etgan sanadan eʼtiboran toʻqson kun ichida Yer qaʼridan foydalanish markazi bunday reja tasdiqlanganligi toʻgʻrisida yoki koʻrib chiqilayotgan reja Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan tasdiqlanishidan oldin bajarilishi lozim boʻlgan shartlar mavjud boʻlsa, ular haqida yer qaʼridan foydalanuvchini yozma tarzda xabardor qiladi.
Yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha rejada yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejada tavsiflangan ishlar boshqa davlat organlarining vakolatlari va javobgarligiga daxl qilgan taqdirda, ushbu organlar rejani tasdiqlash jarayoniga jalb etiladi.
Shartlar Yer qaʼridan foydalanish markazi tomonidan quyidagi holda belgilanishi mumkin:
1) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy rejadagi yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejadagi muddatlarda va ishlar turlarida, shuningdek ishlar rejasida, shu jumladan yerni tiklash ishlari jadvalida jiddiy oʻzgarishlar mavjud boʻlganda;
2) yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish yoki yer qaʼri uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha ishlarning muayyan qismiga yoki yer qaʼridan foydalanish oqibatlari tugatilganidan yoxud yer qaʼri uchastkasi foydalanishdan chiqarilganidan keyingi faoliyatga nisbatan tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq ekologik ekspertiza oʻtkazish va ijobiy xulosa olish zarur deb hisoblanganda;
3) agar yer qaʼridan foydalanuvchi zarur boʻlgan ekologik ekspertizani oʻtkazish jarayonida jamoatchilikning ishtirok etishiga nisbatan boshqa qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya etish niyatida boʻlmasa.
Yer qaʼridan foydalanish markazi tiklanishi lozim boʻlgan kadastr kvadrati yuzasidagi yer uchastkasiga nisbatan yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini tugatish boʻyicha yakuniy rejani yoki yer uchastkasini foydalanishdan chiqarish boʻyicha rejani tasdiqlash shartlarini belgilagan taqdirda, Yer qaʼridan foydalanish markazi kadastr kvadrati yuzasida joylashgan yer uchastkasiga va unga tutash boʻlgan yoki shunday maqsadlar uchun moʻljallangan yer uchastkasi yuzasidan zaruratga qarab boshqa yer uchastkalariga har qanday oqilona vaqtda moneliksiz kirish huquqiga ega.
