135-modda. Ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun yer qaʼridan foydalanuvchining javobgarligi
Yer qaʼri toʻgʻrisida (O‘RQ-987-son) · Sana: 31.10.2024 · Amalda
Yer qaʼridan foydalanuvchi, ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
Beparvolik yoki ayb hollarini istisno etganda, ushbu moddada nazarda tutilgan ifloslantirish natijasida yetkazilgan zarar uchun qonunda belgilangan javobgarlik quyidagi biron-bir jismoniy yoki yuridik shaxsga nisbatan eʼlon qilinishi mumkin emas:
1) yer qaʼridan foydalanuvchi yoki uning pudratchilari yoxud ikkilamchi pudratchilari bilan kelishuvga koʻra yer qaʼridan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan bogʻliq vazifalarni yoki ishlarni bajargan shaxsga;
2) yer qaʼridan foydalanish boʻyicha ishda foydalanish uchun uskuna tayyorlagan yoki yetkazib bergan shaxsga;
3) ifloslanish natijasidagi zararning oldini olish yoki uni cheklash yoxud yer qaʼridan foydalanish boʻyicha ishlar sababli tahdid ostida qolgan hayotni saqlab qolish chora-tadbirlarini koʻrgan shaxsga, agar faqat bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish vakolatli organlarning bevosita yozma yoʻriqnomalariga yoki biror-bir qoʻllaniladigan qonunchilik qoidalariga zid boʻlmasa.
Yer qaʼridan foydalanuvchi barcha qoʻllanilayotgan ekologik qonunchilik normalariga rioya etilganligini va ifloslanish natijasidagi zarardan saqlanish yuzasidan barcha oqilona harakatlar amalga oshirilganligini isbotlay olsa, javobgar boʻlmaydi.
Yer qaʼridan foydalanuvchining javobgarligi toʻgʻrisidagi qaror ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarni hisobga olgan holda sud tomonidan qabul qilinadi.
Ifloslanish natijasida yetkazilgan zarar uchun yer qaʼridan foydalanuvchining javobgarligi yer qaʼridan foydalanish boʻyicha tegishli ishlarning miqyoslari, zarar koʻrgan tarafning ahvoli va ikkala tarafdan sugʻurta qoplamasini olish imkoniyati eʼtiborga olinganidan keyin, shuningdek fors-major holatlar yoki uchinchi tarafning harakati tufayli kelib chiqqan ifloslanishdan zarar yuzaga kelgan taqdirda faqat oqilona darajada kamaytirilishi mumkin.
